Asosiy mazmunga o‘tish

Yangiliklar · 21-sentabr, 2026

Kia va ADM Global Markaziy Osiyoda strategik hamkorlikni kengaytirmoqda

Kompaniyalar yangi modellarni ishga tushirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, kadrlarni rivojlantirish va eksport ta’minotini kengaytirishni nazarda tutuvchi kelishuv imzoladilar.

Kompaniyalar yangi modellarni ishga tushirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, kadrlarni rivojlantirish va eksport ta’minotini kengaytirishni nazarda tutuvchi kelishuv imzoladilar.

16-sentabr kuni Seulda Kia Corporation va ADM Global o‘rtasida strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Mazkur marosim “ Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi ” birinchi sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.

Hujjat to‘rtta asosiy yo‘nalish: O‘zbekistonda yangi Kia modellarini ishlab chiqarish, butlovchi va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish, mutaxassislarni tayyorlash va eksportni rivojlantirishda hamkorlikni nazarda tutadi.

Kelishuvni Kia kompaniyasining katta vitse-prezidenti va global operatsiyalar bo‘limi rahbari Cho Sang Un va ADM Global prezidenti va bosh direktori Daniyar Davletiyarov imzoladi.

Yangi kelishuv Kia’ning texnologik va xalqaro tajribasini ADM Global’ning ishlab chiqarish va distribyutorlik imkoniyatlari bilan birlashtiradi. Hamkorlik O‘zbekiston avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish va Kia brendining Markaziy Osiyo bozorlaridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.

“ Ushbu kelishuv uzoq muddatli hamkorligimizning yangi bosqichini boshlab beradi. ADM Global’ning ishlab chiqarish imkoniyatlari va iste’molchilarning sifatli avtomobillarga qiziqishi ortib borayotgani kelgusidagi rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, transport aloqalarini rivojlantirish va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi Kia modellarini yetkazib berishni kengaytirish imkonini beradi. Biz Kia bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishni davom ettiramiz ”, – dedi ADM Global prezidenti va bosh direktori Daniyar Davletiyarov.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari

Yangi modellarni ishlab chiqarish

Kompaniyalar O‘zbekistonda CKD texnologiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan Kia modellari turkumini kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Birinchi bosqichda ichki yonuv dvigateli asosidagi avtomobillar, keyinchalik esa elektromobillar haqida so‘z boradi.

Lokalizatsiyani chuqurlashtirish

Hamkorlar O‘zbekiston hududida avtomobil butlovchi va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishni davom ettiradilar. Bu mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushini oshirish va mahalliy korxonalarning kompetensiyalarini kengaytirish imkonini beradi.

Mutaxassislarni tayyorlash

ADM Global xodimlari uchun ishlab chiqarish standartlari, mahsulot sifati va kasbiy malakani oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Eksportni rivojlantirish

Yana bir yo‘nalish sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Kia avtomobillarini Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va Kavkaz bozorlariga yetkazib berish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘ladi.

Tomonlar Markaziy Osiyo avtomobil bozorining salohiyatini yuqori baholamoqda. Kia texnologiyalari va uzoq muddatli qarashlarining ADM Global ishlab chiqarish bazasi va hamkorlik tarmog‘i bilan uyg‘unlashuvi hududiy avtomobil sanoatini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Kia Corporation haqida

Kia Corporation – global avtomobil va mobillik yechimlari ishlab chiqaruvchisi. Kompaniya 1944-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 190 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kia har yili uch millionga yaqin avtomobil sotadi, oltita mamlakatda ishlab chiqarish maydonchalariga ega va butun dunyo bo‘ylab 52 ming nafardan ortiq xodimlarni birlashtiradi.

Kompaniya mijoz va jamiyatlar uchun barqaror yechimlar yaratishga intilib, elektromobillar yo‘nalishi va zamonaviy mobillik servis xizmatlarini rivojlantirmoqda.